5. Mavzu: diqqat



tải về 25.36 Kb.
Chuyển đổi dữ liệu12.03.2024
Kích25.36 Kb.
#56807

5. Mavzu: DIQQAT

Reja:

5.1. Diqqatning mohiyati.

5.2. Diqqatning fiziologik asoslari va psixologik nazariyalari.


5.3. Diqqatning vazifalari va turlari.


5.4. Diqqatning xossalari.


5.5. Diqqatning rivojlanishi.


Diqqat psixologik noyob hodisa bo‘lib, hozirgacha ruhshunoslar u haqda yagona fikrga ega emaslar. ba’zi bir mualliflarning fikriga ko‘ra, diqqat istalgan psixik jarayonda u yoki bu darajada ishtirok etganligi sababli, mustaqil hodisa sifatida o‘rganilishi mumkin emas. boshqalar esa diqqatning psixik jarayon sifatida mustaqilligini yoqlaydilar.
Bundan tashqari, diqqatning psixik hodisalarning qaysi sinfiga tegishliligi haqida ham turli fikrlar mavjud. ba’zilarning ta’kidlashiga ko‘ra, diqqat – bu psixik bilish jarayoni. boshqalar diqqat har bir faoliyatning zarur sharti ekanligiga, diqqatning o‘zi esa ma’lum iroda kuchlarining ifodalanishini talab etishiga asoslangan holda, diqqatni iroda va insonning faoliyati bilan bog‘laydilar.
Diqqat hodisasini tushuntirishning murakkabligi, uning «toza» ko‘rinishda uchramasligidan iborat. diqqat o‘zining bilish mazmuniga ega emas, u faqat boshqa bilish jarayonlari faoliyatiga xizmat ko‘rsatadi. shuning uchun diqqatni bilish jarayonlarining o‘sish xususiyatlarini xarakterlovchi holat, psixofiziologik jarayon sifatida o‘rganish zarur. diqqat o‘zi nima?
Diqqat – bu psixik faoliyatning biror-bir ma’lum narsaga yo‘nalganligi va jamlanganligi. bu hayvonlar, shuningdek, inson diqqatlarining umumiy ta’rifi. insonga nisbatan diqqatni ma’lum ob’ektlarga inson diqqatining, bir vaqtning o‘zida boshqa ob’ektlardan chalg‘igan holda, yo‘nalganligi va jamlanganligi sifatida o‘rganish mumkin. bu ta’rifdan diqqatning ahamiyatga molik belgilari uning yo‘nalganligi va jamlanganligidan iborat ekanligi kelib chiqadi.
Psixik faoliyatning yo‘nalganligi ostida uning tanlash xususiyati, ya’ni, sub’ekt uchun ahamiyatli bo‘lgan aniq jismlar, hodisalarni atrof-muhitdan ajratib olish yotadi. yo‘nalganlik tushunchasiga, shuningdek, ma’lum vaqt oralig‘ida psixik faoliyatni saqlab qolish ham kiritiladi.
Diqqatning boshqa xususiyati uning faoliyatga u yoki bu darajada chuqurlashganligini tushuntirib beruvchi jamlanganligidir. vazifa qanchalik murakkab bo‘lsa, diqqatning jadalligi va zo‘riqishi shunchalik kuchli bo‘lishi kerak, ya’ni, bunda faoliyatga chuqur kirib borish talab etiladi. ikkinchi tomondan, jamlanganlik boshqa yot narsalardan chalg‘ish bilan bog‘liq. aks holda, yot narsalardan chalg‘iy olmay qolsangiz, vazifani bajarishingiz qiyinlashadi.
Yo‘nalganlik va jamlanganlik bir-biri bilan o‘zaro uzviy bog‘liq. diqqatingizni biror-bir narsaga yo‘naltiradigan bo‘lsangiz, bir vaqtning o‘zida diqqatingizni unda jamlagan bo‘lasiz. va aksincha, biror-bir narsada jamlansangiz, o‘z ruhiy faoliyatingizni unga yo‘naltirgan bo‘lasiz.
Diqqatning inson psixik faoliyatida tutgan o‘rnini tushunish uchun o‘zingizni biror-bir jismlar guruhiga qarayotgandek tasavvur qiling. ko‘rish maydoningizning markazida joylashgan ba’zi bir jismlar aniqroq, ko‘rish maydoningizning chetida turganlari esa aksincha idrok etiladi. shunga o‘xshash hodisani ongimizga nisbatan ham tuzish mumkin: faoliyatimiz mohiyati ongimizning markazini egallagan bo‘ladi; ahamiyatga molik bo‘lmaganlari esa ongimizdan chetga surilib qoladi. lekin boshqacha ham bo‘lishi mumkin: siz qandaydir jismga qaragan holda, umuman, boshqa narsa haqida o‘y surasiz. bunda ongingizning «markaziy maydoni» ko‘rayotganingiz bilan emas, o‘ylayotganingiz bilan band bo‘ladi.
Ongimizni grafik tarzda tasvirlaydigan bo‘lsak, biri ikkinchisiga joylashgan ikki aylana ko‘rinishida chizish zarur. katta aylana aniq bo‘lmagan ong, kichik aylana esa, – aniq ong yoki diqqat deb ataladi.
Psixik bilish jarayonlarining yo‘nalganligi va tanlash xususiyati diqqat bilan bog‘liq. diqqat bilan idrokning aniqligi va izchilligi, xotiraning mustahkamligi va tanlash xususiyati, aqliy faoliyatning yo‘nalganligi va samaradorligi, qisqasi, umuman bilish faolligining sifati va natijalari aniqlanadi.
Perseptiv jarayonlar uchun diqqat tasvirlar chizgilarini farqlash imkonini beruvchi o‘ziga xos kuchaytirgich bo‘lib hisoblanadi, inson xotirasi uchun diqqat qisqa muddatli va operativ xotirada kerakli ma’lumotni saqlab turuvchi omil, yodda saqlangan ma’lumotni uzoq muddatli xotira zahirasiga o‘tkazishining zarur sharti, tafakkur uchun esa masalani tushungan holda echimini topishning shartli omili sifatida namoyon bo‘ladi.
Insonlararo munosabatlar tizimida diqqat o‘zaro hamfikrlik, odamlarning bir-birlariga moslashishi, shaxslararo nizolilarning oldini olish va o‘z vaqtida hal etishga yordam beradi.
Diqqatning fiziologik asoslari va psixologik nazariyalari.
Diqqat boshqa psixik jarayonlar qatori ma’lum fiziologik hodisalar bilan bog‘liq. ma’lum yo‘nalishdagi alohida qo‘zg‘atuvchilarni ajratish va jarayonlar kechishining fiziologik asosini ba’zi nerv markazlarining qo‘zg‘alishi, boshqalarining esa tormozlanishi tashkil etadi. odamga ta’sir ko‘rsatayotgan seskantiruvchi retikulyar formatsiya tomonidan amalga oshiriladigan miya faollashishini yuzaga keltiradi
Retikulyar formatsiyaning «ishga tushirish» mexanizmlari ichida taxminiy refleksni alohida ta’kidlab o‘tish joiz, bu refleks odam v hayvon organizmlarining atrof-muhitning barcha o‘zgarishlariga nisbatan tug‘ma reaksiyasidir. masalan, xonada shitirlagan ovoz eshitilishi bilanoq, mushuk bolasi cho‘chib tushib, tovush kelgan tomonga ko‘zlarini qadaydi. darsda o‘quvchilar fikrlarini jamlagan holda insho yozmoqdalar. birdan sinf eshigi qiya ochiladi, va berilib yozayotgan o‘quvchilar beixtiyor eshikka qaraydilar.
Diqqatning fiziologik mexanizmlari juda murakkab. masalan, ma’lum vaqt oralig‘ida doimiy ta’sir ko‘rsatayotgan seskantiruvchilar orasidan biror-bir yangi seskantiruvchini ajratib olish uchun ma’lum mexanizmlar zarur. psixologiya bo‘yicha adabiyotlarda, odatda, mexanizmlarning seskantiruvchilarni filtrlovchi ikki asosiy: periferik va markaziy guruhlari ko‘rib chiqiladi. periferik mexanizmlarga his-tuyg‘u organlarini sozlashni kiritish mumkin. kuchsiz tovushni eshitgan odam tovush kelgan tomonga qaraydi, shu vaqtning o‘zida mos keluvchi mushak nog‘ora pardasining ta’sirchanligini oshirgan holda uni tortadi.[1]
D.E.Brodbentning fikricha, diqqat – axborotni, aynan, kirib kelishda, ya’ni periferiyada tanlab o‘tkazuvchi filtr. u, agar odam bir vaqtning o‘zida turli axborotni ikki qulog‘i bilan qabul qilgan bo‘lsa, lekin qo‘llanmaga binoan, faqat chap qulog‘i bilan qabul qilishi zarur bo‘lgan holatda, o‘ng quloqqa uzatilgan axborot umuman qabul qilinmaganligini aniqladi. keyinchalik periferik mexanizmlar axborotni fizikaviy xususiyatlariga ko‘ra tanlab o‘tkazishi aniqlandi.
Diqqatning markaziy mexanizmlari bir xil nerv markazlarining qo‘zg‘alishi, boshqalarining tormozlanishi bilan bog‘liq. nerv qo‘zg‘alishining kuchi bilan bog‘liq bo‘lgan tashqi ta’sirlarni ajratish aynan shu darajada sodir bo‘ladi. kuchli qo‘zg‘alish u bilan bir vaqtda sodir bo‘lgan kuchsiz qo‘zg‘alishni siqib chiqaradi va psixik faoliyatning muvofiq yo‘nalishda kechishini belgilaydi. lekin bir vaqtning o‘zida ta’sir ko‘rsatib, bir-birini kuchaytiruvchi bir yoki ikki seskantiruvchilarning qo‘shilish ehtimoli ham mavjud.
Diqqatning fiziologik asoslari haqida gap yuritilganida, yana ikki muhim hodisa: nerv jarayonlarining irradiatsiyasi va dominantlik haqida aytib o‘tish joiz. ch.sherrington tomonidan belgilangan va akademik i.p. pavlov tomonidan keng qo‘llanilgan nerv jarayonlarining induksiyasi qonuniga binoan, bosh miya po‘stlog‘ining biror sohasida yuzaga keladigan qo‘zg‘alish boshqa sohalarining tormozlanishiga sabab bo‘ladi (baravar induksiya) yoki miya ushbu sohasining tormozlanishi bilan almashinadi (ketma-ket induksiya). irradiatsiya hodisasi sodir bo‘ladigan bosh miya po‘stlog‘i sohasida qo‘zg‘alish uchun qulay sharoitlar yaratilgani uchun darajalar oson ishlab chiqariladi, yangi shartli aloqalar samarali tarzda o‘rnatiladi. bu fiziologik jarayonlar diqqatni ta’minlaydi.
A.A.Uxtomskiy tomonidan oldinga surilgan dominantlik tamoyiliga ko‘ra, miyada doimo ma’lum vaqt ichida nerv markazlari faoliyatini belgilab beruvchi va shu bilan inson hulq-atvoriga ma’lum yo‘nalganlik bag‘ishlovchi qo‘zg‘alishning vaqtincha hukmron o‘chog‘i mavjud bo‘ladi. dominantlik xususiyatlariga asoslangan holda nerv tizimiga keluvchi impulslar to‘planadi va jamlanadi, shu vaqtning o‘zida boshqa markazlar faolligi susayadi, buning hisobiga qo‘zg‘alish kuchaytiriladi. bu xossalarga binoan, dominantlik qo‘zg‘alishning barqaror o‘chog‘i hisoblanadi, bu esa o‘z navbatida diqqat jadalligini mustahkamlovchi nerv mexanizmini tushuntirishga imkon yaratadi.
Shunday bo‘lsada, nerv jarayonlari induksiyasi qonuni, na dominantlik ta’limoti diqqatning, ayniqsa, ixtiyoriy diqqatning mexanizmlarini to‘laligicha ochib bera olmaydi. shuning uchun, hozirgi zamon fanining taraqqiyoti diqqatning fizilogik mexanizmlarini tushuntirib berishga urinayotgan qator konsepsiyalarning paydo bo‘lishiga olib keldi. hozirgi zamon tadqiqotchilari neyrofiziologik jarayonlarga ko‘proq e’tibor ajratadilar. sog‘lom odamlarda diqqatning zo‘riqishi sharoitlarida miyaning istalgan sohasida biolektrik faollikning o‘zgarishlari yuzaga kelishi aniqlandi. bu faollikni peshona sohasida joylashgan neyronlarning alohida turi faoliyati bilan bog‘laydilar. neyronlarning birinchi turi – «yangilik detektorlari» yangi rag‘batlar ta’sirida faollashadilar va ularga o‘rganib qolish darajasiga ko‘ra faollikni kamaytiradilar. ulardan farqli ravishda «kutish» neyronlari organizm dolzarb ehtiyojni qondirish qobiliyatiga ega bo‘lgan ob’ekt bilan uchrashganidagina qo‘zg‘aladilar.
Shunday qilib, diqqat bir-biri bilan o‘zaro bog‘langan miya tuzilmalarining yaxlit tizimi faolligi bilan ta’minlanadi. diqqat fiziologik mexanizmlarining o‘ta murakkab tuzilishi va uning tabiatiga nisbatan qarama-qarshi nuqtai nazarlar diqqatning bir qator psixologik nazariyalarining paydo bo‘lishiga olib keldi.

Diqqatning nazariyalari orasida T.Ribo nazariyasi keng ommalashgan nazariya hisoblanadi, uning fikricha, diqqat har doim hissiyotlar bilan bog‘liq bo‘lib, ular yordamida yuzaga keladi. uning fikriga ko‘ra, ixtiyoriy diqqatning jadalligi va davomiyligi diqqat ob’ekti assotsiatsiyalangan emotsional holatning jadalligi va davomiyligi bilan ta’minlaganligi sababli, t. ribo hissiyotlar va ixtiyoriy diqqat o‘rtasidagi alohida uzviy bog‘liqlikni ko‘ra oldi.


Bundan tashqari, T.Ribo diqqat doimo organizmning jismoniy va fiziologik holatlarining o‘zgarishlari bilan birgalikda kechishini uqtiradi. bunda diqqat tabiatini tushuntirishda ribo harakatlarga alohida o‘rin ajratadi.
Biror-bir ob’ektda diqqatni jamlash va ushlab qolishga ketkaziladigan urinish har doim fiziologik asosga ega bo‘ladi. bu holatga, riboning fikri bo‘yicha, mushak zo‘riqishi mos keladi, diqqatning chalg‘ishi esa, mushak charchog‘i bilan bog‘liq bo‘ladi. bundan kelib chiqadiki, ixtiyoriy diqqat siri, ribo nuqtai nazariga ko‘ra, harakatlarni boshqarish qobiliyatidan iborat. shuning uchun ushbu nazariya diqqatning motorika nazariyasi deb nomlanishi tasodifiy emas.
Ribo nazariyasidan tashqari, diqqat tabiatini tadqiq etishga turli xil boshqa yondoshuvlar ham mavjud. d.n. uznadze fikricha, diqqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri mayl bilan bog‘langan. uning nuqtai nazariga ko‘ra, mayl diqqat holatini ichkaridan ifodalaydi. mayl ta’siri ostida voqeiy atrof-muhitni idrok qilishda hosil qilinadigan ma’lum obraz yoki taassurotning ajralishi sodir bo‘ladi. bu obraz yoki taassurot diqqat ob’ektiga aylanadi, jarayonning o‘zi esa ob’ektivlashtirish deb nomlanadi.
P.Ya.Galperin ham diqqatning qiziqarli konsepsiyasini taklif etdi. uning konsepsiyasi quyidagi asosiy holatlardan iborat:

1. diqqat yo‘nalishli-tadqiqot faoliyatining vaziyatlaridan biri bo‘lib, obraz, fikr, inson psixikasida ma’lum vaqtda mavjud bo‘lgan boshqa hodisa mazmuniga qaratilgan psixik harakatdan iborat.


2. diqqatning asosiy vazifasi – psixik obraz, harakat mazmuni va boshqalar ustidan nazorat qilish. insonning har bir harakatida yo‘nalganlik, bajaruvchilik va nazorat qilish qismlari mavjud. mana shu oxirgi qismi diqqat tomonidan gavdalantiriladi.


3. ma’lum mahsulotni ishlab chiqarishga qaratilgan harakatlardan farqli o‘laroq, nazorat yoki diqqat faoliyati alohida natijaga ega bo‘lmaydi.


4. diqqat mustaqil akt sifatida harakat aqliy bo‘lib qolmasdan, qisqartirilgan holatda bo‘lgandagina ajralib chiqadi. bunda har qanday nazoratni ham diqqat sifatida o‘rganib bo‘lmaydi. nazorat harakatni umumiy tarzda baholaydi, diqqat esa uning yaxshilanishini ta’minlaydi.


5. diqqat psixik nazorat faoliyati sifatida o‘rganiladigan bo‘lsa, u holda diqqatning ixtiyoriy va ixtiyorsiz ma’lum aktlari yangi aqliy harakatlar shakllanishining natijasidir.


6. ixtiyoriy diqqat reja asosida amalga oshiriladigan diqqatdir, bu oldindan tuzilgan reja yoki namuna bo‘yicha bajariladigan nazorat shaklidir.


xulosa o‘rnida shuni ta’kidlab o‘tish joizki, ko‘p sonli nazariyalarning mavjudligiga qaramasdan, diqqat muammosi o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. diqqat tabiati haqidagi bahslar avvalgidek davom etmoqda.


Diqqatning vazifalari va turlari


Diqqat inson hayoti va faoliyatida ko‘plab turli xil vazifalarni bajaradi. U zarur bo‘lgan psixologik va fiziologik jarayonlarni faollashtiradi, qolganlarini esa susaytiradi, organizmga etkazilayotgan axborotning uning dolzarb ehtiyojlariga muvofiq holda tashkil etilishi va maqsadga yo‘nalganlik bilan tanlab o‘tkazilishiga yordam beradi, ruhiy faollikning biror ob’ekt yoki faoliyat turida tanlab va davomli tarzda jamlanishini ta’minlaydi.

Diqqatning asosiy turlarini ko‘rib chiqamiz. Bularga tabiiy va ijtimoiy belgilangan, bevosita va bilvosita diqqat, ixtiyorsiz, ixtiyoriy va ixtiyoriydan keyingi diqqat, hissiy va intellektual diqqat kiradi.


Diqqatni tashkil etishda insonning faolligiga ko‘ra diqqatni uch turga bo‘lish mumkin: ixtiyorsiz, ixtiyoriy va ixtiyoriydan keyingi diqqatlar.
Ixtiyorsiz diqqat – bu ongning seskantiruvchi sifatidagi alohida xususiyatiga muvofiq holda ob’ektda jamlanganligi.
Ixtiyoriy diqqat – bu ob’ektda faoliyat talablariga ko‘ra yo‘naltirilgan, ongli boshqariladigan jamlanganlik.
Ixtiyorsiz diqqat maqsad qo‘yish va iroda qatnashuvi bilan bog‘liq emas, ixtiyoriy diqqat uchun esa iroda boshqaruvi va maqsadning mavjud bo‘lishi shart. Odatda, ixtiyorsiz diqqatning yuzaga kelishida jismoniy, psixofizik va ruhiy sabablarning yaxlit to‘plami bilan ish ko‘rishga to‘g‘ri keladi.
Ular bir-biri bilan o‘zaro bog‘langan bo‘lsada, shartli ravishda quyidagi to‘rt darajaga bo‘lish mumkin.
Sabablarning birinchi guruhi tashqi qo‘zg‘atuvchi xususiyati bilan, avvalambor, seskantiruvchining kuchi yoki jadalligi bilan bog‘liq. Masalan, siz biror ishni ishtiyoq bilan bajarayotganingizdan, qo‘shni xonadagi yoki ko‘chadagi engil shovqinni eshitmaysiz. Lekin to‘satdan oldingizda polga tushgan og‘ir jismning baland tovushi eshitiladi, bu beixtiyor diqqatingizni jalb qiladi.
Ixtiyorsiz diqqat uchun seskantiruvchilar o‘rtasidagi keskin farq, shuningdek, seskantiruvchi ta’sirining davomiyligi, uning o‘lchamlari va shakli, yangiligi, noodatiyligi kabi sifatlari ham muhim ahamiyatga ega.
Ixtiyorsiz diqqatni yuzaga keltiruvchi sabablarning ikkinchi guruhi tashqi seskantiruvchilarning odamning ichki holatiga muvofiqligi, va birinchi navbatda, uning ehtiyojlariga mos kelishi bilan bog‘liq. Masalan, qorni to‘q va qorni ochiqqan odamlar ovqat to‘g‘risidagi suhbatga turlicha munosabat bildiradilar.

Sabablarning uchinchi guruhi shaxsning umumiy yo‘nalganligi bilan bog‘liq. Bizni ko‘proq qiziqtiradigan va qiziqishlar sohamizni, shuningdek, kasbiy qiziqishlarimizni tashkil etuvchilar, qoidaga ko‘ra, tasodifan duch kelib qolgan bo‘lsak ham, e’tiborimizni o‘ziga tortadi.


Va, nihoyat, ixtiyorsiz diqqatni yuzaga keltiradigan sabablarning to‘rtinchi guruhini ta’sir etuvchi seskantiruvchi hosil qiladigan his-tuyg‘ular tashkil etadi. Biz uchun qiziqarli bo‘lgan, ma’lum emotsional reaksiyani hosil qiladiganlar ixtiyorsiz diqqatning muhim sababi bo‘lib hisoblanadi.
Ixtiyorsiz diqqatdan farqli ravishda ixtiyoriy diqqatning asosiy xususiyati, uning ongli maqsad tomonidan boshqarilishi va iroda kuchi bilan bog‘liqligidir. Ixtiyoriy diqqatning asosiy vazifasi psixik jarayonlar kechishini faol boshqarish hisoblanadi. Ixtiyoriy diqqat ixtiyorsiz diqqatdan sifat jihatidan farq qilishiga qaramay, ixtiyoriy diqqat, shuningdek, his-tuyg‘ular, qiziqishlar, odamning avval orttirilgan tajribasi bilan bog‘liq. Lekin ixtiyoriy diqqatda bularning ko‘rsatadigan ta’siri bevosita emas, aksincha, bilvositadir.
Diqqatning yana bir turi mavjud. Ixtiyoriy diqqatga o‘xshash, maqsadga yo‘nalganlik xususiyatiga ega bo‘lib, va dastlab iroda kuchini talab etadi, lekin keyinchalik odam ishga «kirib boradi»: faoliyatning natijasi emas, balki, uning mazmuni va jarayoni ham qiziqarli bo‘lib, ahamiyat kasb eta boshlaydi. Bunday diqqat N.F. Dobrinin tomonidan ixtiyoriydan keyingi diqqat deb nomlandi. Masalan, o‘quvchi qiyin arifmetik masalani echa turib, dastlab, unga ma’lum kuch sarf etadi. Masala murakkab, o‘quvchi chalg‘iy boshlaydi. U o‘zini, irodasini ishga solgan holda, masalani echishga majburlaydi. Mana, masalani echishga birinchi urinish natija berdi, echishning to‘g‘ri usuli belgilab olindi. Masala oydinlasha boradi. Masala o‘quvchining ishtiyoqini band eta boshlaydi. U endi chalg‘imasdan, qiziqarli masalaga kirishib ketadi. Diqqat ixtiyoriydan ixtiyorsizga aylandi.
Haqiqiy ixtiyorsiz diqqatdan farq qilib, ixtiyoriydan keyingi diqqat ongli maqsadlar bilan bog‘langan holatda qoladi va ongli qiziqishlar tomonidan quvvatlab turiladi. SHu bilan birga, ixtiyoriy diqqatdan farqli ravishda bunda iroda kuchi deyarli bo‘lmaydi yoki umuman mavjud emas.
Diqqatning ko‘rib chiqilgan uch xil turi inson faoliyati amaliyotida o‘zaro bir-biriga o‘tishlar bilan uzviy chatishib ketadi va biri ikkinchisiga tayanadi.
Tabiiy diqqat o‘zida axborot yangiligi unsurini tashuvchi, u yoki bu tashqi va ichki rag‘batlarga nisbatan tanlab javob qaytarishning tug‘ma qobiliyati ko‘rinishida odamga tug‘ilishi bilanoq beriladi. Tabiiy diqqat faoliyatini ta’minlovchi asosiy mexanizm taxminiy refleks deb ataladi.
Ijtimoiy belgilangan diqqat hayot davomida ta’lim va tarbiya natijasida shakllanadi, hulq-atvorning iroda tomonidan boshqarilishi, ob’ektlarga tanlab ongli ravishda javob qaytarish bilan bog‘liq bo‘ladi.
Bevosita diqqat odamning ehtiyojlari va dolzarb qiziqishlariga mos keladigan va o‘zi yo‘naltirilgan ob’ektdan tashqari, hech bir narsa tomonidan boshqarilmaydi.
Bilvosita diqqat maxsus vositalar, masalan, imo-ishoralar, so‘zlar, ko‘rsatkich belgilar, jismlar yordamida boshqariladi.
Hissiy diqqat afzalligiga ko‘ra, hissiyotlar va his-tuyg‘u organlarining tanlab ta’sir ko‘rsatish faoliyati bilan bog‘liq.
Intellektual diqqat fikrning yo‘nalganligi va jamlanganligi bilan bog‘liq.
Hissiy diqqatda ong markazida biror-bir hissiy taassurot joylashgan bo‘ladi, intellektual diqqatda esa qiziqish ob’ekti bo‘lib g‘oya xizmat qiladi.
Diqqatning xossalari
Diqqat, uni mustaqil psixik hodisa sifatida xarakterlovchi qator xossalarga ega. Diqqatning asosiy xossalariga barqarorlik, jamlash, taqsimlash, bo‘linish, chalg‘ish va diqqat hajmi kiradi.
Diqqatning barqarorligi ma’lum vaqt davomida bir xil ob’ektda fikrni jamlay olishlik qobiliyatidan iborat. Tajriba tadqiqotlari diqqatning ixtiyorsiz davriy tebranishlarga moyilligini ko‘rsatdi. Bunday tebranishlarning davrlari N.N. Lange bo‘yicha, odatda, 2-3 soniyaga, ortig‘i bilan esa 12 soniyaga teng bo‘ladi. Masalan, agar soatning chiqillashiga quloq tutib, unda fikrni jamlaydigan bo‘lsak, u holda u bir eshitiladi, bir eshitilmay qoladi. Diqqat tebranishi qonunga asoslangan bo‘lib, fluktuatsiya deb ataladi. Masalan, diqqat fluktuatsiyasini oddiy tajribada namoyish qilish mumkin: kesik piramida beriladi: agar unga ma’lum vaqt davomida tikilib turilsa, u ketma-ket, yo qavariq, yo botiq bo‘lib ko‘rinadi.
Hozirda diqqat barqarorligining ahamiyatli sharti bo‘lib, u jamlangan jismning yangi tomonlari va aloqalarini ochib berish imkoniyati xizmat qilishi isbotlandi. Diqqat barqarorligini o‘lchash uchun alohida harflarning tartibsiz ketma-ketligidan iborat Burdon jadvalidan foydalaniladi, bunda qaytariladigan harflar soni har bir satrda bir xilda bo‘ladi.

Diqqatni jamlash ostida diqqatning jismda jamlanganlik jadalligi yoki darajasi tushuniladi. A.A. Uxtomskiyning fikriga ko‘ra, diqqatni jamlash bosh miya po‘stlog‘idagi kuchli qo‘zg‘alish o‘chog‘i faoliyatining xususiyati bilan bog‘liq.


Diqqatni taqsimlash ostida odamning bir vaqtning o‘zida bir necha faoliyatlarni bajarish qobiliyati tushuniladi. Hayotiy tajribaga ko‘ra, odam ongli psixik faoliyatning faqat bir turini bajara oladi, bir vaqtning o‘zida bir nechtasini bajarish sub’ektiv hissi esa ketma-ket tezlik bilan bir faoliyat turidan ikkinchisiga o‘tish oqibatida yuzaga keladi.


Diqqatni taqsimlash darajasi bir qator sharoitlarga: mujassamlashtirilgan faoliyat turlari xususiyatiga (ular bir jinsli va turli xil bo‘lishi mumkin), murakkabligiga (ruhiy zo‘riqishni talab etuvchi darajaga), ma’lumligi va odatiyligi darajasiga (faoliyatning asosiy usullarini egallab olish darajasiga) bog‘liqdir.


Diqqat taqsimlanishini o‘rganish maqsadida SHulte (qizil-qora rangli jadvallar) jadvallari qo‘llaniladi.


Diqqatning bo‘linishi – bu diqqatni bir ob’ektdan ikkinchisiga ongli va anglangan holda o‘tkazish. Bo‘linish bilan ikki turli yo‘nalishga ega bo‘lgan jarayonlar bog‘liqdir, bular: diqqatni ishga tushirish va uzib qo‘yish. Bo‘linish ixtiyoriy bo‘lishi mumkin, u holda uning tezligi – bu sub’ektning o‘zining idrok qilishi ustidan irodali nazorati darajasining ko‘rsatkichi, va diqqatning bo‘linishi bilan bog‘liq ixtiyorsiz bo‘lishi mumkin, bu yo ruhiyatning beqarorligi darajasining ko‘rsatkichi bo‘lib xizmat qiladi, yo kutilmagan kuchli seskantiruvchilarning paydo bo‘lishidan dalolat beradi.


Bo‘linishning samaradorligi avvalgi va keyingi faoliyatni bajarish xususiyatlariga bog‘liq bo‘ladi (bo‘linish ko‘rsatkichlari engil faoliyatdan og‘ir faoliyatga o‘tishda ancha kamayadi, aksincha bo‘lganida esa, oshib ketadi). Bo‘linish natijasi insonning avvalgi faoliyatga bo‘lgan munosabati bilan bog‘liq: avvalgi faoliyat qanchalik qiziqarli va keyingisi unchalik qiziqish uyg‘otmagan bo‘lsa, diqqatning bo‘linishi shunchalik qiyinroq kechadi. Bo‘linishda asab tizimining xususiyatlari, xususan, asab jarayonlarining qo‘zg‘aluvchanligi tomonidan belgilangan individual tafovutlar mavjud.


Diqqat hajmi – sub’ektning etarlicha aniqlik bilan bir vaqtning o‘zida qamrab olishi mumkin bo‘lgan ob’ektlar soni. Diqqat ob’ektining muhim va belgilovchi xususiyatlaridan biri, uning o‘qitishda va mashq bajarishda umuman o‘zgarmasligidir. Diqqat hajmini tadqiq etish, odatda, individ tomonidan aniqlik bilan idrok etiluvchi, bir vaqtning o‘zida taqdim etiladigan unsurlar (raqamlar, harflar, jismlar va h.k.) sonini tahlil qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Bu maqsadlarda taxistoskopdan foydalaniladi – ma’lum sondagi seskantiruvchilarni shunchalik tez, tadqiq qilinuvchi ko‘zlarini bir ob’ektdan boshqasiga olib ulgurmasidan oldin taqdim etishga imkon beradigan asbob, diqqat hajmi – individual tarzda o‘zgaradigan kattalik, lekin, odatda, odamlarda uning ko‘rsatkichi 5 ± 2ga teng bo‘ladi.

Diqqatning bo’linishi – bu diqqatning bir ob’ektdan ikkinchisiga ixtiyorsiz o‘tkazilishi. Bo’linish tashqi seskantiruvchilar ta’sirida yuz berishi mumkin. Diqqatni ko‘proq to‘satdan paydo bo‘ladigan, o‘zgaruvchan kuch va chastota bilan ta’sir ko‘rsatadigan jism va hodisalar chalg‘itadi. Diqqatning ichki bo’linishi kuchli kechinmalar, yot hissiyotlar, va odam ayni damda mashg‘ul bo‘lgan ishiga qiziqish va mas’uliyatning mavjud emasligi ta’siri ostida paydo bo‘ladi.


Chalg‘ituvchi ta’sirlarga qarshilik ko‘rsatish qobiliyati to‘siqlarga moslashuvchanlik deb ataladi. Odamlarda bu qobiliyatning rivojlanishida nerv tizimidagi farqlar, aynan, uning kuchi, shuningdek, to‘siqlarga qarshilik ko‘rsatishni oshirishga qaratilagan maxsus mashqlar bilan belgilangan ko‘plab individual tafovutlar kuzatiladi (5.2 rasm).

Diqqat xususiyatlarini o‘rganishda parishonxotirlik haqidagi masala muhim ahamiyat kasb etadi. Parishonxotirlik deb, odatda, ikki turlicha hodisaga aytiladi. Birinchidan, ko‘p hollarda parishonxotirlik deb, insonning atrofidagilarga e’tibor bermasdan, ishga haddan tashqari berilib ketishining natijasiga aytiladi. Parishonxotirlikning bu turi u yoki bu faoliyatda kuchli jamlanganlik natijasida yuzaga kelganligi sababli soxta parishonxotirlik deb ataladi.


Parishonxotirlikning umuman boshqa bir turi inson diqqatini hech bir narsada uzoq vaqt jamlay olmagan vaziyatda, hech birida ushlanib qolmasdan, muntazam ravishda bir ob’ektdan ikkinchisiga yoki bir hodisadan ikkinchisiga o‘tib turishida kuzatiladi. Parishonxotirlikning bu turi haqiqiy parishonxotirlik deb ataladi. Haqiqiy parishonxotirlikdan aziyat chekuvchi insonning ixtiyoriy diqqati o‘ta beqarorligi va chalg‘ib turishi bilan farqlanadi.


Haqiqiy parishonxotirlikning sabablari turlichadir. Bular asab tizimining umumiy izdan chiqishi, qon kasalliklari, kislorod etishmovchiligi, jismoniy yoki aqliy toliqish, og‘ir hissiy kechinmalar bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, diqqat parishonxotirligining sabablaridan biri olingan taassurotlarning ko‘pligi, shuningdek, betartib havas va qiziqishlar ham bo‘lishi mumkin.


5.5. Diqqatning rivojlanishi


Diqqat o‘zining rivojlanish bosqichlariga ega. Bola hayotining birinchi oylarida faqat ixtiyorsiz diqqatning mavjudligi kuzatiladi. Bola dastlab kuchli yoki keskin farq qiladigan tashqi qo‘zg‘atuvchilarni sezadi. Uch oylik bo‘lishi bilan bola, hayoti bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan ob’ektlar bilan ko‘proq qiziqa boshlaydi. 5-7 oyligida bola etarlicha uzoq vaqt davomida qandaydir jismni kuzatishi, ushlab ko‘rishi, og‘ziga olishi mumkin. Ayniqsa, yorqin va yaltiroq jismlarga bo‘lgan qiziqishi yaqqolroq ko‘rinadi. Bu ixtiyorsiz diqqatning to‘la rivojlanganligidan dalolat beradi.

Ixtiyoriy diqqatning nishonalari, odatda, birinchi yilning oxiri ikkinchi yilning boshlariga kelib, namoyon bo‘la boshlaydi. Bolada ixtiyoriy diqqatning shakllanishi va rivojlanishi uni tarbiyalash jarayoni bilan bog‘liq. Bolaning atrofidagi odamlar asta-sekin bolani o‘zi istaganini emas, balki, uning qilishi zarur bo‘lganlarni bajarishga o‘rgatib boradilar.


Rahmonov Elmurod Admistr, [27.02.2024 11:39]


Ixtiyoriy diqqatning rivojlanishida o‘yin katta ahamiyatga ega. O‘yin jarayonida bola o‘z harakatlarini o‘yin talablariga muvofiqlashtirishni va ularni qoidalarga mos ravishda yo‘naltirishni o‘rganadi. Ko‘pchilik jismlar va hodisalar bilan tanishib borish, oddiy munosabatlarni farqlash malakasining asta-sekin shakllanishi, ota-onalar bilan muntazam ravishda suhbatlashish, ular bilan sayr qilish va o‘yinlar o‘ynash, boshqa jismlar va o‘yinchoqlarni o‘ynatish – bularning barchasi bolaning shaxsiy tajribasini boyitadi, shu bilan birga, uning qiziqishlari va diqqatini rivojlantiradi.

Maktabgacha yoshdagi bolaning asosiy xususiyati ixtiyoriy diqqatining etarlicha barqaror emasligidan iborat. Bola yot seskantiruvchilarga oson chalg‘iydi, uning diqqati o‘ta hissiyotlidir. Asta-sekin bolada mashqlar va iroda kuchi yordamida o‘z diqqatini boshqara olish layoqati shakllanadi.


Ixtiyoriy diqqatning rivojlanishida maktab alohida ahamiyat kasb etadi. Maktab mashg‘ulotlari jarayonida bola intizomga o‘rganadi, unda qunt qilish, hulq-atvorini nazorat qilish layoqati shakllanadi. SHuni aytib o‘tish lozimki, maktab yoshida ixtiyoriy diqqatning rivojlanishi ham ma’lum bosqichlardan o‘tadi. Boshlang‘ich sinflarda bola mashg‘ulotlarda o‘z hulq-atvorini to‘liq nazorat qila olmaydi, unda ixtiyorsiz diqqat ustunlik qiladi.


Yuqori sinflarda o‘smirning ixtiyoriy diqqati yuqori taraqqiyot darajasiga ko‘tariladi. O‘quvchi etarlicha uzoq vaqt davomida ma’lum faoliyat turi bilan shug‘ullana oladi, o‘z hulq-atvorini nazorat qiladi. Lekin, shuni ko‘zda tutish lozimki, diqqat sifatiga tarbiyalash sharoitlarining o‘zi emas, balki, yosh xususiyatlari ham ta’sir ko‘rsatadi. 13-15 yoshlarda sodir bo‘ladigan fiziologik o‘zgarishlar yuqori darajadagi toliqish va ta’sirchanlik bilan birgalikda kechadi, va ba’zi holatlarda diqqatning pasayishiga olib keladi.


SHunday qilib, diqqatning rivojlanishida ikki asosiy bosqichni ajratish mumkin: asosiy xususiyati tashqi tomondan belgilangan diqqatning ustunligidan iborat bo‘lgan maktabgacha rivojlanish bosqichi va ichki diqqatning jadal rivojlanishi xususiyatiga ega bo‘lgan maktab davri rivojlanishi bosqichlaridir.

Adabiyotlar:

1. Югай A.X., Mираширова Н.A. “Oбщaя психология” – Taшкент 2014 г. С.-194-205.




2. Safayev N.S., Mirashirova N.A., Odilova N.G. “Umumiy psixologiya nazariyasi va amaliyoti“ TDPU, 2013 y, B.79-90.
tải về 25.36 Kb.

Chia sẻ với bạn bè của bạn:




Cơ sở dữ liệu được bảo vệ bởi bản quyền ©hocday.com 2024
được sử dụng cho việc quản lý

    Quê hương